TAQIQ FOYDALIMI YOKI ZARARLI

Odatda, yomon narsalardan himoya qilish (yoki boshqa bir sababga ko’ra) maqsadida taqiq qo’yiladi. Eski zamonlarda, ota-bobolarimiz bu usuldan har qadamda foydalanishgan (nafaqat bizda, balki butun dunyoda). Ammo hozirgi zamon bilan eski davrlarni solishtirish o’rinlimi…? Shaxsiy erkinlik nima bo’ladi? Taqiq foydalimi yoki zararli?

taqiq
Gettyimages

Keling avval tarixga bir nazar tashlaylik. 1920 — yili AQSHda, sog’lom turmush tarzi tarafdorlari, spirtli ichimliklarni iste’mol qilish, saqlash, sotish va ishlab chiqarishga ta’qiq qo’yishga muvaffaq bo’ladi (сухой закон). Ajoyib qaror, shunday emasmi? Ko’chalarda dumalab yotgan «alkash»larni, do’konlarda spirtli ichimliklarni ko’rmaysiz. Barcha sog’lom turmush tarzini o’ziga odat qiladi. Ha, boshida shunaqa bo’ladi. Qonun qabul qilinishidan asl maqsad ham shu edi. Ammo, yaxshi niyatlarni ko’zlab qabul qilingan qonun ayanchli oqibatlarga olib keladi. Italiyadan kelgan jinoyatchilardan iborat mayda guruhlar birlashib, katta-katta «mafiya»larga aylanadi. Chetdan yashirin yo’llar bilan spirtli ichimliklarni olib kelib, dorixonalar orqali sotish yo’lga qo’yiladi. Qonun qabul qilingunga qadar, Nyu Yorkning sharqiy hududlarida bo’lgan mafiyalar, butun mamlakat bo’ylab tarqaladi va AQSH hududini o’zaro bo’lib olishadi. Albatta, mafiyalarning harakatlari e’tiborsiz qolmaydi. Politsiyaning «og’zini yopish» maqsadida, pora berib turishadi. Bu o’z navbatida, korrupsiya avj olishiga turtki bo’ladi. Spirtli ichimlik ichadiganlar yashirincha ichishda davom etadi… Getsbi filmini ko’rganmisiz? Getsbi ham mafiyaga ishlaydigan «bootlegger» (yashirincha ichkilik sotadiganlarni shunday atashgan) sifatida tasvirlangan. Qashshoq bo’lgan mafiyalar, aynan shu qonun davrida gullab-yashnagan. Eng ayanchlisi, 1933 — yilda qonun bekor qilinganidan keyin, mafiyalar yangi pul manbaini topish maqsadida, mavjud barcha sohalarga tarqalib ketadi. Yashirin savdo tufayli iqtisodiy tomondan ham zarar yetgan. Yashirin «подпольный» bo’lgani uchun soliq to’lanmagan, soliq to’lanmagandan keyin yo’llar vaqtida ta’mirlanmaydi, sharoit yaxshilanmaydi, maosh ko’tarilmaydi va h.k.

Bu qonun tarixda, «eng ahmoqona va foydasiz qonun» nomini olgan.

taqiq
Getsbi filmidan lavha

Bunga o’xshash misollarni minglab keltirish mumkin. Agar tarbiya to’g’ri va mustahkam berilsa, oqni qoradan ajratish o’rgatilsa, u odamning tarbiyasi va dunyoqarashini hech kim o’zgartirolmaydi.

O’sha narsani xohlagan odam, qancha taqiq qo’yilmasin yo’lini topib, baribir foydalanishda davom etadi.

Zo’rlab eshakni ot, maymunni odam qila olmaysiz. Taqiqlash nafaqat foydasiz, balki zararli hamdir. Garchi, yaxshi maqsadlarda taqiqlansa-da, tuzatib bo’lmas darajadagi salbiy oqibatlarga olib keladi.

Yana bir misol, siz farzandingizni chiniqtirib, sport bilan shug’ullantirib katta qilasizmi yoki xavfli, mayib bo’lib qoladi deb, «chinni buyumdek» har narsadan asrab-avaylab o’stirasizmi? Qay bir farzand sog’lom bo’lib voyaga yetadi?

Undan tashqari, faqat oqni ko’rib o’sgan farzand qoraga duch kelganda nima bo’ladi?

Albatta, taqiqlash kerak, lekin me’yorida!

Bilim, ma’naviyat, dunyoqarash… Mana aslida nimani kuchaytirish kerak. Ta’limni talab darajasiga ko’tarmas ekanmiz, ma’naviyatni yuqoriga ko’tarmas ekanmiz, tor fikrlash va tor dunyoqarashni kengaytirmas ekanmiz, ming taqiqlagandan foyda yo’q. Taqiq ortidan taqiq qo’yish, mamlakatdagi ilmli va ziyoli kishilarning bosh olib ketishiga sababchi bo’ladi. Ilm va san’at odami erkinlikda kurtak yoyadi. Bir guruh odamni deb, butun boshli millatni jazolash adolatdan emas.

G’arbda haddan erkinlik berilgan. Lekin, e’tibor bering, siz u yerda nihoyatda yaxshi va aqlga sig’mas darajada yomonlarni uchratish mumkin. U insonning qandayligi, qaysi muhitda va qanday oilada ulg’ayganiga bog’liq. Shunday bo’lsa-da, Yevropa, jinoyatlar soni bo’yicha eng past ko’rsatkichlarga ega. Taqiq ostida o’sgan arablarni o’z bag’riga olganlaridan keyin jinoyatlar bir necha baravarga ko’paydi.

Shaxsiy hayot daxlsizligi. Har kimning o’z hayot yo’li va o’z falsafasi bor. Birovga majburlab o’z g’oyangizni singdira olmaysiz. Bunga tarix guvoh. Hamma o’z imkoniyati darajasida fikrlaydi. Sizga yomon bo’lgan narsa, aslida yaxshi bo’lishi ham mumkin. Shunchaki sizning hayot falsafangizga to’g’ri kelmaydi. Tasavvur qiling, kimdir uyingizga kelib, buni unaqa qilasan, uni bunaqa qilasan desa, o’zingizni qanday his qilasiz? Unga yoqmasa, bu uning muammosi, eng muhimi sizga yoqadi va shu narsa sizning hayotingizda muhim ahamiyat kasb etishi mumkin!

Hech kim farishta emas. Hammada gunoh bor. Bu qisqa hayotda, o’zingiz yoqtirgan ish bilan shug’ullaning, o’zingiz yoqtirgan insonlar bilan bo’ling. Hamma narsaning yomon tarafi bo’lgani kabi, yaxshi tarafi ham bor. Har doim! Agar bu yomon, u xavfli deb o’zingiz va atrofingizdagilarning hayotini cheklab, taqiqlab yashasangiz, hayotning bor go’zalligidan mahrum bo’lasiz.

Shuni unutmang azizlar! Taqiqlash o’rniga, unga qarshi turishni, oqni qoradan ajratishni va BUNGA NIMA SABAB BO’LAYOTGANINI aniqlab, bartaraf etishni o’rganing.

Ma’nan va aqlan yetuk insonni hech kim va hech narsa o’zgartira olmaydi!
Lifetime — make your life better!