NIMA UCHUN STATISTIKAGA ISHONISHNI HOZIROQ TO’XTATISHINGIZ KERAK

Nima uchun statistikaga ishonib bo’lmaydi?! Buni birgalikda tahlil qilib ko’ramiz.

Sizga tushunarli bo’lishi uchun, masalani kengroq yoritishga harakat qilaman. Faqat statistika bilan cheklanib qolmay, so’rovnomalar va ekspertlar xulosasini ham tahlil qilamiz. Odatda statistikalar, so’rovnomalar va ekspertlar xulosasi quyidagicha boshlanadi: «Ekspertlar fikricha….», «Izlanishlar shuni ko’rsatadiki….», «Statistika bo’yicha….» va h.k. Buni qarangki, bunday so’zlardan keyin, biz avtomatik tarzda ishonamiz va keltirilgan «faktlar»ni mutlaq haqiqat deb qabul qilamiz. Aslidachi? Haqiqatdan ham, keltirilgan dalillar va faktlar ishonarlimi? Yana bir misol, «Olib borilgan so’rovlarga ko’ra, yer yuzining 60% aholisi o’zini baxtsiz hisoblaydi». Albatta, so’rovnoma o’tkazgan mutaxassislar, har bir odamdan, baxtlimi yoki baxtsizligini so’rab chiqishmagan. So’rovnomada balki 100 kishi qatnashgandir, balki 1000 kishi, balki million….

Gap shundaki, ko’pincha, bu kabi so’rovnomalar o’tkazilganda, ma’lum bir miqdordagi qatnashchilardan ularning fikrini so’rashadi va foizga o’girib xulosa chiqarishadi. Ko’rib turganingizdek, bu kabi statistika va so’rovnomalarga ishonib bo’lmaydi. Balki ularga ko’proq baxtsiz insonlar uchragandir? Ammo, bunday «faktlar»ni butunlay inkor etib ham bo’lmaydi. Qisman bo’lsa-da, haqiqat bor… Shuning uchun, bu kabi statistika va so’rovnomalarga duch kelganingizda, kim tomonidan olib borilgani va necha kishi qatnashganligiga yaxshilab e’tibor bering.

Ekspertlar fikrini ham doimo to’g’ri deb bo’lmaydi. Hech kim ertaga nima bo’lishini oldindan aytib bera olmaydi. Aslida, ekspertlarning fikri ham, tahminiy yoki ma’lum bir maqsadga ko’zlangan bo’ladi. Tramp qanday qilib, hammani ortda qoldirib prezident bo’lganini eslash kifoya. Deyarli barcha mutaxassislar Trampning mag’lubiyatini «bashorat» qilishgandi. Yana bir misol, Ilon Mask, intervyularidan birida, «avval olimlar va sog’liqni saqlash tashkilotlari, garchi tamakining zararligini bilishsa-da, zararsiz deya iddao qilishgandi. Endi bo’lsa, huddi o’sha olimlar zararli chiqindilarning iqlimga ta’sirini inkor etishmoqda», — deb aytib o’tgandi.