JEFF BEZOS’NING 10.000 YILGA YETADIGAN SOATI

Hozirgacha yaratilgan soatlar ko’pi bilan bir necha yuz yilgacha ishlaydi. Jeff Bezos bu kamchilikni to’ldirishga qaror qildi. Amazon asoschisi Jeff Bezos’ning 10.000 yilga yetadigan soati qanday ko’rinishga ega va qayerda joylashadi?

Bizga tarixdan ma’lumki, birinchi «soat»lar (agar soat deb bo’lsa) qadimiy Misrda yaratilgan. Suv, sham va quyosh soatlari. Birinchi mexanik soat XIV asrda yaratilgan. Kamchiligi, kuniga bir necha o’n sekundga adashadi. XX asrga kelib, kvarsli soatlar yaratilgan. Kvarsli soatlar mexanikdan farqli ravishda, oyiga bir necha o’n sekundga adashadi. Sal o’tib, atomli soatlar yaratildi. Atomli soatlar bir necha yuz ming yilda, bor yo’g’i bir sekundga adashadi. Ya’ni, deyarli eng aniq va to’g’ri vaqtni ko’rsatadi (Eynshtyenning «Vaqt bu illuziya» iborasichi?!).

XXI asrda, aqlli soatlar yaratildi. Vaqt internetdan olinadi va 100% aniq!?

Bularning bari yaxshi albatta, ammo nimadir kam, yetishmayotgandek. Ha, soatlarning chidamliligi! Jeff Bezos bu kamchilikni to’ldirishga qaror qildi.

YARATILISH TARIXI

G’oya aslida Daniel Hillis’ga tegishli bo’lib, 1995 — yilda birinchi bor ommaga oshkor qilgan. Bu soatning prototipini yasashga ham ulgurgan. Bu loyiha g’oyaligicha qolib ketgan bo’lardi. Agarda, Jeff Bezos 42 million dollarlik sarmoya kiritmaganida.

Soatning balandligi 60 metr bo’lib, tog’da 150 metr chuqurlikka joylashtiriladi. Shuningdek, chuqurlikda 5 ta zal quriladi. 1 yilligi, 10 yilligi, 100 yilligi, 1.000 yilligi va 10.000 yilligini nishonlash uchun.

Soat

ISHLASHI

Gigant soatning ishlashi uchun yetarlicha energiya kerak bo’ladi. Hillis va uning jamoasi, energiya bilan ta’minlashning turli variantlarini ko’rib chiqishdi. Ularning nazdida yadroli yoqilg’i, eng oson variant edi. Ammo, bir necha yuz yillardan keyin, bu turdagi yoqilg’ining kelajagi qanday bo’lishini hech kim aytib berolmaydi.

Va quyidagi 3 ta variantni tanlashdi.

1) Maxsus tutqichni ishga tushirish yordamida (eski zamon «texnologiya»larini eslatib yuboradi). Tutqichni ma’lum vaqt aylantirish kerak bo’ladi. Charchab, zerikib qolmaslik uchun 3mln.600mingta musiqadan biri yangrab turadi.

2) Soat kun va tundagi harorat o’zgarishidan foydalanib quvvat to’playdi. Ochig’i, qanday ishlashi bir oz tushunarsiz.

3) Quyosh elektr stansiyasi.

Soatning o’zi mexanik uslubda ishlangan. Bu borada muhandislar «yangi Amerika»ni ochmaslikka qaror qilishdi. Mexanik soatlarning ustun jihati chidamli va «uzoqqa boradi». Soat qismlari titan va zanglamas po’latdan ishlangan.

Sizda haqli bir savol tug’ilishi mumkin, axir o’zing mexanik soatni adashadi degandingku?! Soat aniq ishlashini ta’minlashga, NASA o’z xissasini qo’shdi. Ularning texnologiyalari yordamida soat 10.000 yil aniq va ravon ishlaydi (umid qilamiz).

Soat bilan bog’liq rasmlarni rasmiy saytida ko’rishingiz mumkin>