Jek Ma: “Mening hayotim xatolar va rad javoblaridan iborat. Meni hattoki KFC’ga ham ishga olishmagan. Tashqi ko’rinishim tufayli doimo rad javobini olar edim”.

Jek Ma haqida

JEK MA (MA YUN)

“Alibaba Group” asoschisi

Jek Ma 1964 – yil, 10 – sentyabrda, Hanchjou shahrining Chjetsyan tumanida, musiqachilar oilasida dunyoga kelgan.

Jek Ma

Iqtisodiy tomonidan muammolari bo’lgani sababli sayyohlarga shaharni bepul ko’rsatish (Gid) orqali ingliz tilini o’rgangan. 9 yil mobaynida sayyohlarga shahar ko’rsatib, ingliz tilidan tashqari ko’p narsalar o’rgangan.

 ISMINI SAYYOHLAR QO’YGAN

Uning asl ismi Ma Yun bo’lib, Jek Ma deb sayyoh qiz atagan. Keyinchalik do’st bo’lib qolishgan.

HARVARD UNIVERSITETIGA 10 MARTA HUJJAT TOPSHIRGAN

Harvard Universitetiga kirish uchun 10 marta hujjat topshirgan va har safar rad javobini olgan. Undan tashqari, kollej imtihonlaridan ham 2 marta yiqilgan. Bir safar 120 balldan 1 ball olgan. Sababi matematika bilan hech qachon “do’stlashmagan”. Uning so’zlariga ko’ra, haligacha buxgalteriya hisob-kitoblarini yaxshi tushunmaydi.

HECH QAYERGA ISHGA OLISHMAGAN

Ma qayerga ishga kirishga harakat qilmasin, doim rad javobini olgan. Tashqi ko’rinishi tufayli, hattoki KFC’ga ham ishga olishmagan. Ammo, turmush o’rtog’i Jan Yin u qanday bo’lsa, shundayligicha sevadi va uni hali muvaffaqiyatga erishmagan vaqtlarda tanlagan.

“Ma Yun (Jek Ma) chiroyli va ko’rkam emasdir. Ammo u, ko’rkam yigitlar qila olmaydigan ishlarga qodir”

– Jan Yin

ARZIMAGAN PULGA O’QITUVCHI BO’LIB ISHLAGAN

Oxir-oqibat Hanchjou pedagogika universiteti (Hangzhou Normal University)ga o’qishga kiradi. Uning aytishicha, o’sha vaqtlarda shahardagi eng nufuzi past ta’lim dargohi bo’lgan. O’qishni tugatib hech qayerga ishga kirolmagach, o’zi tugatgan universitetda ingliz tilidan dars beradi. Oyiga bor-yo’g’i 12-15$ maosh olgan.

Jek Ma

ILK BIZNESI

Ma o’qituvchilikdan tashqari tarjimonlik bilan ham shug’ullangan va ma’lum vaqtdan keyin Hanchjou shahrining eng yaxshi tarjimoniga aylangan.

Keyinchalik, 1992 – yilda, “Haybo” tarjimonlik markazini ochgan. Moliyaviy muammolari bo’lganligi sababli, bir nechta tanishlarini ham jalb qilgan. Birinchi oydagi daromad 700 yuanni tashkil qilgan, harajat esa 2400 yuan. Sheriklari taslim bo’lib ishni tashlab ketishgan. Tinib-tinchimas Ma, kiyim-kechak, dori-darmon va shu kabi boshqa mahsulotlarni olib-sotish orqali biznesini saqlab qolishga muvaffaq bo’lgan. Tarjimonlik markazi oradan 3 yil o’tibgina foyda keltirishni boshlagan va hozirda Hanchjou shahrining eng katta professional tarjimonlik markazi hisoblanadi.

“Hech qachon taslim bo’lmang. Faqatgina qat’iyat va tinimsiz mehnat orqali muvaffaqiyatga erishish mumkin”

– Jek Ma

ALIBABA G’OYASINING TUG’ILISHI

Chjetsyan tumanining Aloqalar Departamenti tomonidan, savdo-sotiq delegatsiyasi tarjimoni sifatida, AQShning Sietl shahriga borish taklif qilinadi. Ma AQShda birinchi bor internet bilan tanishishga muvaffaq bo’lgan. Pivo so’zini qidirib ko’rganda, internetda birorta ham Xitoy pivosini topa olmagan. Xitoy so’zini qidirganda ham hech qanday ma’lumot topa olmagan va aynan o’shanda, mashhur Xitoy sayti yaratish g’oyasi tug’ilgan.

Ma o’z tarjimonlik markazi xizmatlari haqida internetda e’lon berishga qaror qilgan va bir necha soat ichida AQSh, Germaniya va Yaponiyadan 6 ta xat olgan.

Jek Ma

XITOY OLTIN SAHIFALARI

Ma Xitoyga qaytishi bilan, 1995 – yilda, “Xitoy oltin (sariq) sahifalari” nomli internet loyihasini ishga tushirgan (Hozir dunyo bo’ylab shu kabi saytlar talaygina). Afsuski, Xitoyda axborot texnologiyalari rivojlanmaganligi sababli, unchalik shuhrat qozonmagan. Ammo shunga qaramay, 3 yildan keyin loyiha daromadi 800.000$ ni tashkil qilgan.

ALIBABA GROUP

Ma 1998 – 1999 – yillarda, Tashqi savdo va iqtisodiy hamkorlik vazirligiga qarashli, Xitoy xalqaro elektron savdo-sotiq markazini boshqargan.

1999 – yilda bu ishini tashlab, 17 ta do’stlari bilan birga, kichik va o’rta biznes tashkilotlari o’rtasida savdo-sotiq uchun mo’ljallangan “Alibaba Group” kompaniyasiga asos solgan. Kompaniyaga asos solish 60.000$ ga tushgan. Kompaniya nomi, barcha tillarda oson talaffuz qilinishi va xazina bilan bog’liq ertakning mashhurligi sabab tanlangan. Keyinchalik Ma’ning onasi, Alibaba alifbodagi birinchi harf bilan boshlanganligi sababli, katalog va ro’yxatlarda yuqori pog’onalarda turishini payqagan.

Jek Ma

1999 – yil oktyabridan, 2000 – yil yanvari oralig’ida, Alibaba umumiy 25 million dollar venchur kapitali yutib oladi. Ammo shunga qaramay, Alibaba zarariga ishlashda davom etardi. Kompaniya, Xitoy ishlab chiqaruvchilariga, AQShda mijoz topish imkonini beruvchi loyihani ishlab chiqqanlaridan keyin daromad keltirishni boshlaydi va ishlari yurishib ketadi. 2002 – yili, kompaniya ilk bor foyda ko’radi va daromad 1$ ni tashkil qiladi. 2003 – yildan boshlab Ma Taobao, Alipay va Ali mama’ga asos soladi. Taobao kompaniyasining muvaffaqiyatli faoliyati va aksiyalarining ko’tarilishi ortidan, eBay Ma’ga kompaniyani sotib olish taklifi bilan chiqadi. Ammo, Ma bunga rozi bo’lmaydi va Yahoo asoschisi, Jerri Yang “Alibaba” kompaniyasiga 1 milliard dollar sarmoya kiritadi. 2012 – yil, noyabrda Alibaba savdo tushumi 1 trillion yuandan oshadi.

Jek Ma

2013 – yilda, Ma kompaniya prezidenti lavozimidan ketadi. Ammo direktorlar kengashida qoladi.

Uning quyidagi so’zlari kishini taajubga soladi.

“Mening eng katta xatoim, bu Alibaba kompaniyasiga asos solganim. Bu mening hayotimni qanchalik o’zgartirib yuborishini tasavvur ham qilmagandim. Men bor-yo’g’i kichik biznes tashkil qilishni niyat qilgandim. Ammo u ulkan biznesga aylanib ketdiki, mendan katta mas’uliyat talab qildi va katta muammolarga duch keldim. Men, biror-bir mamlakat prezidentidan kam ish qilganim yo’q. Yagona farqim, qo’limda prezidentda bo’lgani kabi hokimiyat yo’q. Shaxsiy hayotim ham yo’q. Shunday qarorga keldim, agar keyingi hayotimda tanlash imkoni bo’lsa, hech qachon bu yo’lni tanlamagan bo’lardim. Men ham hayotdan lazzatlanib yashashni xohlayman”

Jek Ma

Shuningdek, Jek Ma biznesda doim xato qilishini ta’kidlaydi: “Axir men hech qachon tadbirkorlik yoki siyosatga o’qimaganman. Shu sababli, barchasini o’zim o’rganishimga to’g’ri kelgan”.

HOLLIVUD (HOLLYWOOD) FILMLARI HAQIDA

Jek Ma, Hollivudda bo’lib qaytganidan keyin, Xitoy yoshlari uchun filmlar olishga qiziqish paydo bo’ladi. Unga, Hollivud filmlaridagi g’oya va stilistika maqul bo’ladi. Hollivud filmlarida, bosh qahramon omadsiz bo’lishadi. Ammo shunga qaramay, oxir-oqibatda muvaffaqiyatga erishadi. Xitoy filmlarida esa, bosh qahramon film oxirida halok bo’ladi. “Shuning uchun ham, Xitoy yoshlari qahramon bo’lishni xohlamaydi” – deya hazillashadi.

Jek Ma

Xulosa o’rnida shuni aytish mumkinki, Jek Ma tirishqoqlik, qat’iyat va yengilmaslik timsoli. Uni bekorga “Self-made” (ya’ni o’z kuchi bilan maqsadga erishgan) deb atashmaydi.