Lifetime

BUYUK BRITANIYADA ISH VA O’QISH

Buyuk Britaniyada ish va o’qish haqida Shotlandiyadagi Robert Gordon universitetida tahsil olayotgan Xayriyev Kamol so’zlab beradi.

XAYRIYEV KAMOL. 

Robert Gordon universiteti 3-bosqich talabasi. Shotlandiya, Aberdeen.

Tayyorgarlik. Buyuk Britaniya yoki boshqa chet el universitetlarida tahsil olish uchun IELTS (International English Language Testing System) sertifikatini olishingiz kerak. IELTS bu ingliz tilini qanchalik bilishingiz haqidagi xalqaro sertifikat bo’lib, sizdan nafaqat grammatika, shuningdek, Speaking(so’zlashuv), Reading(o’qish), Listening(eshitish) va Writing(yozuv) bo’yicha imtihondan o’tish talab qilinadi. Agar siz chet el universitetlarida o’qishni istasangiz, siz kamida 5.5 — 6 ball olishingiz kerak buladi. Aks holda chet el universitetlari qabul qilmaydi. IELTS sertifikati olganingizdan keyin, biror bir agentlikka murojat qilasiz. Sizga shaxsan o’zim xizmatlaridan foydalangan va ishonchli, Toshkent shahridagi NEOCONSULTING.UZ agentligini tavsiya qilaman(agar agentlik manzili yoki raqami kerak bo’lsa, bizga murojaat qiling).

*IELTS haqida to’liq malumot olish uchun rasmga bosing

O’qish jarayoni. Endi Shotlandiyadagi o’qish jarayoni, qiyinchiliklari va ijobiy tomonlari haqida so’zlab beraman. Chet elda,  top universitetlar kontrakti $12 mingdan boshlanadi… Ha-ha, bu summani yozishdagi «опечатка» emas, yaxshi universitetda o’qish uchun, «yaxshigina» xarajat qilishingizga to’g’ri keladi. Siz «do’stimning o’g’li yoki qizi, tanishim 6 yoki 7 ming dollarlik universitetda o’qiydi» — deyishingiz mumkin. Albatta arzonroq universitetlar ham bor. Ammo siz yaxshi, diplomi butun dunyoga o’tadigan va sarflagan pulingiz va vaqtingizni oqlaydigan universitetga kirmoqchi bo’lsangiz, 12 ming dollar yoki undan qimmatroq universitetda o’qishingizni maslahat beraman. Shuni ham inobatga olingki, buyuk Britaniyada barcha hisob-kitob funt sterlingda amalga oshiriladi va kontrakt pulingiz xohlaysizmi-yo’qmi, funt sterlingning kursiga bog’liq bo’ladi. Batafsil ma’lumotni yuqorida keltirilgan yoki boshqa agentliklardan olishingiz mumkin.

*RGU haqida ma’lumot olish uchun rasmga bosing

O’zbekistonda o’quv yili faqat sentabr oyida boshlansa – Buyuk Britaniyada ikki marotaba, ya’ni sentabr va fevral oylarida boshlanadi. Agar siz sentabrda o’qishni boshlasangiz, mayda o’qishni tugatasiz. Agar ma’lum bir sabablarga ko’ra sentabrda ulgurmasangiz, tushkunlikka tushmang, o’qishni fevraldan boshlashingiz mumkin va bu holatda, siz o’qishni avgust oyida tugatasiz.

Buyuk Britaniya, London

Shundan so’ng, sentabrda boshlagan talabalar bilan keyingi kursni birgalikda, sentabrdan davom ettira olasiz. Buyuk Britaniyada, bir semestrda bor yo’g’i 3, 4 ta fan o’tiladi, yil davomida esa 8, 9 ta fan o’tiladi. Lekin o’qish oson emas. Imtihonlar juda qattiq tartib ostidagi kuzatuv orqali o’tqaziladi (cheating — yani imtihonda  ko’chirmachilik, yoningizdagi talabaga qarash, gapirish ta’qiqlanadi). Siz o’zingiz bilan faqatgina ruchka, qalam, o’chirg’ich, chizg’ich, kalkulyator va oddiy suv olib kirishingiz mumkin. (Hmmm… O’zbekistonni eslatib yubordi :). Yana bir maslahatim, o’qishga kirgandan keyin, vaqtni behuda o’tkazmay, tanlagan sohangiz bo’yicha tayyorlanib boring (misol uchun bug’alteriya bo’lsa, iqtisod, Bug’alteriya, Boshqaruv). Poydevorni qanchalik mustahkam qo’ysangiz, u yerda o’qish shunchalik oson bo’ladi !!! (Undov belgisi bekorga 3 ta qo’yilmagan! 🙂

Shotlandiyadagi hayot haqida. Buyuk Britaniyaga borganingizdan so’ng, qaysi shahar bo’lishidan qat’iy nazar, tanishingiz bo’lmasa, maslahatim bir necha oy yotoqxonada yashang.

RGU talabalar yotoqxonasi

Suratda guvohi bo’lganingizdek, bizning yotoqxonalardan farqi judayam katta… Yevropa yotoqxonalari juda ham shinam jihozlangan va barcha sharoitlar bor. Lekin, yotoqxonalar pullik va qimmat. Shuning uchun, bir necha oydan keyin (joylashib olganingizdan so’ng) biror-bir do’stingiz yoki o’sha orttirgan tanishingiz bilan kvartiraga ko’chib o’tganingiz ma’qul (shuningdek arzon!).

Aberdeendagi biz ijaraga olgan uy

Universitet tanlayotganizda, universitet tomonidan ishlash huquqi beriladimi yoki yo’qmi ALBATTA surishtiring. Sababi, hamma universitetlar ham o’qish davomida ishlashga ruxsat bermaydi! Agar, siz kirmoqchi bo’lgan universitetda ishlash huquqi berilgan bo’lsa, o’qishdan keyin bo’sh vaqtingizda, hech bo’lmaganda yeb-ichish va ijara pulingizni ishlab topsangiz bo’ladi. Ish topish hamma shaharda ham oson emas, agar siz katta shaharda o’qisangiz, ish topish osonroq bo’ladi. Ammo kichik shahar bo’lsa, ish topishingiz sal qiyinroq kechadi…

Yevropaliklar judayam samimiy va ochiqko’ngil. Ota-onalarimiz, u tomonlar tinchmikan deya xavfsirashadi. Buyuk Britaniya tinch va osoyishta o’lka, hech kim sababsiz sizga teginmaydi. Ota-onalar farzandlaridan havotirlanmay, bemalol o’qishga yuborishlari mumkin. Dam olish kunlari, ko’pincha, bir-birimiznikiga mehmonga boramiz va mazali ovqatlar pishirib, birgalikda, shirin suhbat ustida baham ko’ramiz.

Buyuk Britaniyada ob-havo ko’pincha sovuq va yog’ingarchiliklardan iborat bo’lgani uchun, o’zingiz bilan shu havoga mos kiyim-kechak olishni maslahat beraman.

P.s. Ish va o’qishlaringizda omad tilab qolaman !!!

Пролистать наверх